O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks poyezd — Samarkand Express loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bitim 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan. Hujjatga Italiyaning Arsenale International bosh direktori Raffaele Breschi, Jamg‘arma raisi Gayane Umerova hamda O‘zbekiston temiryo‘llari boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov imzo chekdi.
Loyihaga ko‘ra, Samarkand Express poyezdi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini o‘zaro bog‘laydi.
Ta’kidlanishicha, yangi hashamatli poyezd xalqaro sayyohlarga O‘zbekistonning tarixiy merosi hamda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishish uchun yangi turistik xizmatni taklif etadi.