O‘zbekistonda uy-joy xaridorlari mablag‘larini himoya qilish uchun eskrou hisobvaraqlari tizimini imkon qadar tezroq joriy etish zarur. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi qurilish kompaniyalari faoliyatidagi muammolar yuzasidan bildirgan munosabatida ma’lum qildi.

Qo‘mita so‘nggi kunlarda uy-joylarni topshirish muddatlari buzilishi, xaridorlarga pullar qaytarilmasligi va ayrim qurilish kompaniyalari rahbarlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi jamoatchilikda keng muhokama qilinayotganini qayd etdi.

“Uy-joy sotib olish uchun mablag‘ kiritgan fuqarolarning va’da qilingan xonadonlar va pullarini qaytarib olish imkoniyatisiz qolishini yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat deb hisoblaymiz”, deyiladi qo‘mita munosabatida.

Ta’kidlanishicha, qurilish sohasida xaridorlar mablag‘larini ishonchli himoya qilish, quruvchilarning majburiyatlarini bajarishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish zarur.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi orqali eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Ushbu mexanizmga ko‘ra, xaridorlarning mablag‘lari maxsus bank hisobvaraqlarida saqlanadi. Pullar quruvchiga faqat belgilangan shartlar bajarilganidan keyin o‘tkaziladi. Qo‘mita mazkur tizimni imkon qadar tezroq joriy etish lozimligini bildirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 02/11/2026