O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning xarajatlarini qoplash maqsadida 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompensatsiyalar fuqarolarning ishchi vizasi, yo‘l chiptasi, til yoki kasb imtihonlari hamda hayot va sog‘liq sug‘urtasi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun berilgan.
Ajratilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:
- ishchi vizasi uchun 4 103 kishiga 7 mlrd 715 mln so‘m;
- yo‘l chiptasi uchun 3 981 kishiga 3 mlrd 264 mln so‘m;
- til yoki kasb imtihonlari uchun 30 kishiga 34,9 mln so‘m;
- hayot va sog‘liq sug‘urtasi uchun 4 523 kishiga 1 mlrd 244 mln so‘m.
Xorijda ishlash uchun ketayotgan va mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya hamda kredit ajratish tartibi hukumatning 2025-yil 22-apreldagi qarori bilan belgilangan.
Unga ko‘ra, fuqarolar kompensatsiya olish uchun “Xorijda ish” dasturiy majmuasi orqali elektron shaklda yoki Migratsiya agentligiga bevosita murojaat qilishi mumkin. Bunda arizaga tegishli hujjatlar ilova qilinadi.
Arizalar agentlik tomonidan uch ish kunida ko‘rib chiqiladi. Natija bo‘yicha fuqaroning shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi. Ariza ma’qullangan taqdirda, kompensatsiya summasi fuqaro xorijda ishga joylashganidan keyin bir oydan kechiktirmay, arizada ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkaziladi.