Shavkat Mirziyoyev kelasi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasini xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkazish topshirig‘ini berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari raisligida mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijda va mamlakat ichida malakali ishchi kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etildi.

Xususan, Sergelidagi “Toshkent quvur zavodi” o‘z ustalarini jalb etgan holda yiliga 2,5 ming nafar payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusini bildirgan.

Shuningdek, har bir viloyatdagi 2–3 tadan texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga 15 yil muddatga berish rejalashtirilmoqda. Ushbu texnikumlarda yiliga kamida 30 ming nafar ish joyida darhol faoliyat boshlashga tayyor mutaxassis tayyorlanadi. Bitiruvchilarga davlat namunasidagi malaka sertifikati beriladi.

Tadbirkorlarning kadr tayyorlash va uskuna xarid qilishga sarflagan mablag‘larini to‘langan soliqlardan chegirish, xorijda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Texnikumlar xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik qiladi.

“Men ishonaman: chempion tadbirkorlarimiz chet elda ‘o‘zbek mutaxassislari brendi’ni yaratishda ham davlatga ko‘makchi bo‘ladi”, — dedi prezident.

Yig‘ilishda xususiy bandlik agentliklari faoliyati ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, ularga litsenziya berish tartibi soddalashtirilganidan so‘ng ikki yil ichida agentliklar soni uch baravar, ular orqali xorijda ishga joylashgan fuqarolar soni esa besh baravar oshgan.

Shu bilan birga, sohada korrupsiya, xatolar va fuqarolarni aldash holatlari ham kuzatilgani ta’kidlandi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun alohida qonun qabul qilinib, zarur huquqiy asos yaratilgan.

Kelasi yildan yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun xususiy bandlik agentliklariga 1,5 mln so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi.

Yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi. Xorijdan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. O‘quv jarayoni uchun zarur uskuna va jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklari faoliyati shaffof tizim asosida tashkil etilib, ularning reytingi yuritiladi. Bunda fuqarolarning ishga joylashtirilishi, mehnat huquqlari himoya qilinishi, yuqori daromad olishi va kafolatlangan ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezonlar etib belgilanadi.

Prezident bir oy muddatda agentliklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qaror loyihasini kiritish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, ularning faoliyatini ijtimoiy xizmat sifatida ko‘rib, soliqqa tortish tartibini shunga mos ravishda soddalashtirish vazifasi qo‘yildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 02/11/2026