O‘zbekistonda salkam 80 ming fuqaro ishsizlik nafaqasi olmoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi departamenti boshlig‘i Sobir Xayitmurodov 28-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumani yakunida jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ishsizlik nafaqasini olish uchun fuqaro qonunchilikda belgilangan talablar asosida oxirgi besh yil ichida kamida 1 yil 8 oy davomida ijtimoiy soliq to‘lagan bo‘lishi kerak.

Fuqarolar tuman yoki shahar bandlik organlariga murojaat qilishi mumkin. Agar ularni malakasiga mos ishga joylashtirish imkoni bo‘lmasa, komissiya tomonidan ishsiz deb e’tirof etiladi va ularga nafaqa tayinlanadi.

Xayitmurodovning ta’kidlashicha, ishsizlik nafaqasi olayotgan fuqarolar kasb-hunar o‘rganib, keyinchalik ishga joylashishi ham mumkin. Kasb-hunar ta’limi davomida ularning o‘qish xarajatlari qoplab beriladi va stipendiya ajratiladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ishsizlik nafaqasining eng yuqori miqdori mehnatga haq to‘lashning uch baravariga, ya’ni 4 mln 80 ming so‘mga teng. Nafaqa uch oygacha to‘lanishi mumkin.

Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, nafaqa to‘lash muddatini to‘rt oygacha uzaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Qonun loyihasi parlamentda ma’qullanib, tasdiqlansa, yangi tartib joriy etilishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 29/10/2026