O‘zbekistonda 2027-yil oxirigacha Andijon va Samarqand o‘rtasida tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Bu Transport vazirligi ishlab chiqqan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, hozirda Toshkent—Andijon yo‘nalishida qatnayotgan tezyurar elektropoyezdlar yo‘nalishini Samarqandgacha uzaytirish rejalashtirilgan. Bu orqali Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2027-yil iyulidan Toshkent shahri va viloyatini qamrab oluvchi yagona transport bog‘lamasini shakllantirish taklif etilmoqda. U “Toshkent-Shimoliy” va “Toshkent-Janubiy” temiryo‘l vokzallari, Toshkent xalqaro aeroporti hamda markaziy avtovokzalni o‘zaro bog‘laydi.

Chirchiq, Yangiyo‘l, Angren va Olmaliqdan keluvchi yo‘lovchilar uchun shahar atrofi elektropoyezdlari qatnovini 1,5 barobarga oshirish va metro bekatlariga bevosita o‘tish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilgan.

Farg‘ona vodiysida esa 2028-yil oxirigacha Qo‘qon—Pop—Namangan—Andijon—Marg‘ilon—Qo‘qon halqa yo‘nalishida kunlik elektropoyezdlar qatnovini ikki barobarga oshirish taklif etilgan. Bundan tashqari, Pop temiryo‘l stansiyasidan Namangan shahridagi avtovokzalgacha muntazam mikroavtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Strategiya doirasida 2030-yilgacha mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanadigan elektropoyezdlar sonini 30 taga, yo‘lovchi vagonlari parkini esa 650 taga yetkazish maqsad qilingan.

Mazkur takliflar hozircha prezident qarori loyihasida aks etgan. Hujjat 11-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 28/10/2026