Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchta chegara o‘tkazish punktida 9-noyabrdan boshlab elektron navbatni band qilish uchun yuk tashuvchilar 86 500 tenge (taxminan 2 million 261 ming so‘m) miqdorida kafolat puli kiritishi kerak bo‘ladi. Haydovchi belgilangan vaqtda chegaraga yetib kelsa, mablag‘ to‘liq qaytariladi.

Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib “Qozig‘urt”, “B. Qonisbayev” va “Atameken” chegara o‘tkazish punktlarida amal qiladi.

Kafolat puli 20 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichiga teng. Yuk tashuvchilar elektron navbatni band qilishdan oldin ushbu mablag‘ni maxsus elektron hisobvarag‘iga o‘tkazishi lozim.

Agar yuk mashinasi belgilangan vaqtda chegara punktiga yetib kelmasa va bu holat 90 kalendar kun ichida ketma-ket ikki marta takrorlansa, tashuvchi kafolat pulidan mahrum bo‘ladi. Mablag‘ Qozog‘iston davlat byudjetiga o‘tkaziladi.

Departamentning bildirishicha, yangi tartib chegara punktlarida sun’iy navbatlar yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan. Yuk tashuvchilarga elektron hisobvarag‘ini oldindan to‘ldirish va qatnovlarni rejalashtirishda yangi talablarni hisobga olish tavsiya etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 28/10/2026