O‘zbekistonda 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilmani rivojlantirish master-rejalari ishlab chiqiladi. Ular asosida qaysi shifoxonalarni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, qayerda yangi muassasalar qurish va ularni qanday jihozlash belgilab olinadi. Bu masalalar Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taqdimotda ko‘rib chiqildi.

Rejalarni ishlab chiqishda aholi soni va uning o‘sishi, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, muassasalarning quvvati hamda bemorlarning shifoxonagacha yetib borish vaqti hisobga olinadi. Investitsiya dasturlarini ham shu master-rejalar asosida shakllantirish taklif etildi.

Taqdimotda tibbiyot muassasalari haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. O‘nta viloyatda o‘tkazilgan xatlovda sohaga tegishli 3 499 ta obyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘p. Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obyektlarning elektron pasportlarini shakllantirish va tibbiyot muassasalarining yagona raqamli reyestrini yaratish taklif qilindi.

Yangi tizimda murakkab va yuqori texnologik tibbiy xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch yordam saqlanadi. Birlamchi tibbiy xizmatlarni rejalashtirishda qishloq, olis hududlar va shaharlar uchun alohida me’yorlar qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand viloyatida tibbiy hududlar qayta tashkil etiladi

Taqdimotda Samarqand viloyatidagi vaziyat misolida tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashasa-da, shifo o‘rinlarining atigi 41,7 foizi tumanlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Master-rejaga ko‘ra, tumanlarning shifo o‘rinlaridagi ulushini 67 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Payariqda yangi shifoxonalar qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalari taqdim etildi.

Shuningdek, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1 500 ta yangi shifo o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda. Viloyat markazidagi ixtisoslashgan muassasalarni qayta tashkil etish, markaziy laboratoriyalar, sterilizatsiya va tashxislash xizmatlarini rivojlantirish ham taklif qilindi.

Yangi tibbiyot muassasalarini loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infeksion nazorat va inklyuziv muhit bo‘yicha yagona talablarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Davolashda xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik protokollarni milliy sharoitga moslashtirish va ularning natijalarini muntazam baholash ham rejalashtirilgan.

Tibbiyotda xususiy sektor ishtiroki kengaytiriladi

Taqdimotda tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan xarid qilishga doir qaror loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, gemodializ, laboratoriya diagnostikasi, tashxislash va tibbiy uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishni autsorsing asosida tashkil etish taklif qilindi.

Bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda xususiy tashkilotlar zarur uskunalarni o‘z mablag‘lari hisobidan olib kelishi, ularning ishlashi va yangilanishini ta’minlashi mumkin. Davlat tibbiyot muassasalari esa ushbu xizmatlarni xarid qiladi.

Xaridlar uchun yagona tender hujjatlari va elektron tizimni joriy etish, ayrim tibbiyot muassasalarini professional kompaniyalar boshqaruviga berish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev takliflarni puxta ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Categorized in:

Mahalliy, Salomatlik,

Last Update: 27/10/2026