Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida to‘y marosimida amaldagi tartiblarni buzgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1994-yilda tug‘ilgan, “Buronjuz” mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi S.Q. 2025-yil 13-oktyabr kuni o‘z xonadonida to‘y marosimi o‘tkazgan. U to‘yga ko‘pchilik kelgani sababli amaldagi me’yorlardan ortiqcha tarzda — 14 ta katta qozonda osh tayyorlatgan.

Sudda fuqaro o‘z qilmishini tan olib, pushaymonligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudining qaroriga ko‘ra, S.Q. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192¹-moddasida (“To‘ylar, oilaviy tantanalar va ma’raka-marosimlar tartibini buzish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan.

Sud qaroriga asosan, u bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari — 4 million 120 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/11/2025