Oliy Majlis Senatining 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi yalpi majlisida mamlakatdagi yo‘l-transport hodisalari holati muhokama qilindi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qilishicha, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida respublikada 5 895 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,8 foizga yoki 232 taga kam.

Ushbu hodisalar oqibatida 4 592 kishi tan jarohati olgan (3,5 foizga kamaygan), 1 303 kishi esa halok bo‘lgan. O‘tgan yilning shu davrida bu raqam 1 368 nafarni tashkil etgan edi.

Piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni ham 5,8 foizga kamayib, 2 689 tani tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, Senatning avvalgi yalpi majlisida 2024-yilda O‘zbekistonda jami 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani, buning natijasida 2 203 kishi halok bo‘lgani va 8 901 nafar inson tan jarohati olgani ma’lum qilingan edi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/11/2025