12-fevral kuni Qamchiq dovonida 19 ta qor ko‘chkisi aniqlandi. Bu haqda “O‘zgidromet” matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dovon hududining 2000 metr balandlik qismida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida taxminan soat 06:00 dan 11:00 gacha umumiy hajmi 6675 kub metr bo‘lgan qor ko‘chkilari kuzatilgan. Hodisa oqibatida talafot va jabrlanganlar qayd etilmagan.

Ayni paytda “O‘zgidromet” mutaxassislari tomonidan hududda ob-havo sharoiti doimiy monitoring qilinmoqda. A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismi soat 13:00 dan boshlab transport harakati uchun vaqtincha yopilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarligida tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Dovonning qayta ochilishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot FVV matbuot xizmati tomonidan taqdim etilishi bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” 12-fevral kuni respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjudligi haqida ogohlantirgan edi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/02/2026