Andijon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida 11-fevral, chorshanba kuni gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa soat 23:55 da “Nodirabegim” MFY hududidagi ko‘p qavatli uy xonadonlaridan birida yuz bergan. Xabar kelib tushgach, FVB rahbariyati hamda qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan va uyning boshqa xonadonlariga zarar yetmagan. Qutqaruvchilar tomonidan hudud ko‘zdan kechirilib, xavfsizlik choralarini ta’minlash bo‘yicha zarur tadbirlar amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan. Ularning ahvoli yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Vaziyat qisqa vaqt ichida nazoratga olingan.