2026-yil yanvar oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kvadrat metrning o‘rtacha narxi qariyb 1120 dollarni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich oy davomida 0,6 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa qariyb 2 foizga oshgan. Ikkilamchi bozorda eng yuqori o‘sish Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi yanada yuqori bo‘ldi. Yangi qurilgan uy-joylarda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 9 foizdan ko‘proqqa oshgan. Eng yuqori o‘sish Mirobod (18,4 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Ijara bozori ham ijobiy dinamikani namoyon etdi. Yanvar oyida uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kvadrat metr uchun 8,8 dollarni tashkil qilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foiz yuqori bo‘ldi. Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida shakllangan.

Shuningdek, ijara narxlarining eng tez o‘sishi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil qilgan.

Respublika bo‘ylab yanvar oyida ko‘chmas mulk savdolarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bitimlar soni 33,4 foizga oshib, hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Shuningdek, Samarqand viloyati (26 foiz) va Sirdaryo viloyati (24 foiz)da ham sezilarli o‘sish kuzatildi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida respublika bo‘yicha narxlar o‘sishi mo‘tadil bo‘ldi. 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9 foizga, yillik hisobda esa 8 foizga oshgan. Eng yuqori narx oshishi Surxondaryo viloyati hamda Sirdaryo viloyatida qayd etilib, bu hududlarda o‘rtacha o‘sish qariyb 24 foizni tashkil qilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/02/2026