2026-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining 31,4 foizi inson o‘limi bilan yakunlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika bo‘yicha jami 1 102 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ulardan 346 tasi o‘lim bilan tugagan.

Tahlillarga ko‘ra, YTHlarning asosiy sabablari orasida tezlikni oshirish yetakchi o‘rinda — 32,9 foizni tashkil etgan. Shuningdek, hodisalarning 22,4 foizi svetofor talablariga amal qilmaslik, 13,6 foizi piyodalarga yo‘l bermaslik, 4,2 foizi esa haydovchining rulda uxlab qolishi bilan bog‘liq.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 2026-yilning uch oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 596 taga kamaygan. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tomonidan 9 544 ta jinoyat aniqlanib, bu ko‘rsatkich 37 foizga oshgan.

Bundan tashqari, tezkor tadbirlar davomida 2 193 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan, 171 nafar bedarak yo‘qolgan fuqarolar topilib, oila a’zolariga qaytarilgan.

Giyohvandlikka qarshi kurashish doirasida 872 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda yuz minglab kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilingan.

Shuningdek, axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar soni 18 mingdan oshgani, ularning aksariyati fuqarolarning pul mablag‘larini elektron to‘lov tizimlari orqali o‘zlashtirish bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/04/2026