Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mamlakatda “Kambag‘allar uchun ish o‘rinlari” (“Jobs for the Poor”, J4P) dasturi boshlanganini ma’lum qildi.
Vazirlikda ushbu dastur doirasida milliy darajadagi seminar o‘tkazildi. Unda Jahon banki, davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat sektor, shuningdek, xususiy biznes vakillari ishtirok etdi.
Seminar yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha milliy ishchi guruh tuzilishi belgilandi. Shuningdek, dastur uchun ikki yillik harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Unda quyidagi yo‘nalishlar ko‘zda tutilgan:
— o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;
— idoralararo hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish;
— barqaror moliyaviy tizimni shakllantirish.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida mamlakatda kambag‘allik darajasini 2025-yil oxiriga borib 6 foizgacha tushirish rejalashtirilganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda 7,5 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi, 2024-yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizni tashkil etdi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, bu jarayonda iqtisodiyotning so‘nggi davrda ikki baravarga o‘sishi, yil yakunida jon boshiga daromadning 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil bo‘lgan.
Shuningdek, o‘tish davrida manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, ehtiyojmand oilalar to‘liq qamrab olingani bildirildi. Pandemiya yillarida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar yetkazilgani ma’lum qilindi.