Toshkentdan vodiyga, Qashqadaryodan Surxondaryoga dovonlar orqali harakatlanadigan yangi tezyurar poyezdlar Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan xarid qilinadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qamchiq va Darband dovonlarida harakatlanadigan poyezdlar uchun zamonaviy, tog‘li hududlarda tez harakatlanish imkoniyatiga ega harakat tarkiblari sotib olinadi. Uchrashuv va dasturni himoya qilish jarayonida prezident Shavkat Mirziyoyevning roziligi olingan.

Joriy dastur doirasida 6 ta tezyurar harakat tarkibi 2025-yil dekabridan O‘zbekistonga yetkazib berila boshlaydi. Poyezdlardan birinchisi Toshkent—Urganch—Xiva yo‘nalishida qatnovga qo‘yiladi va yo‘l vaqti 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Zufar Narzullayevning aytishicha, tog‘li hududlarda harakatlanadigan poyezdlar soni 2030-yilgacha yana 8 taga oshiriladi.

Shuningdek, vazir vodiydan kelayotgan yuklarni Toshkent shahriga kirmasdan vohaga o‘tib ketishi uchun aylanma yo‘llar qurish bo‘yicha infratuzilmaviy dastur ham himoya qilinganini ma’lum qildi. Prezident ushbu ishlarni jadallashtirish va tezlashtirish bo‘yicha alohida topshiriq bergan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 14/11/2025