Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bemorlar, agar ular rejalashtirilgan tibbiy yordam olish uchun yo‘llamasiz murojaat qilsa, tibbiy xizmat belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatiladi.
Davlat kafolatlagan bepul tibbiy xizmatlardan tashqari qo‘shimcha xizmatlar pulli asosda amalga oshiriladi. Har bir bemor tibbiyot muassasasining ro‘yxatga olish bo‘limida qayd etilib, shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida pulli xizmat belgilanadi. To‘lov oldindan to‘liq amalga oshiriladi, shundan so‘ng bemor mutaxassis shifokor ko‘rigiga yoki instrumental-laborator tekshiruvlarga yo‘naltiriladi.
Davlat kafolatlagan bepul xizmatlar ro‘yxatiga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda diagnostik tekshiruvlar, laborator tahlillar, dori vositalari va tibbiy buyumlar kiradi. Tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida esa diagnostik tekshiruvlar, laborator tahlillar, dori vositalari, tibbiy buyumlar va operativ davolar pullik xizmatlardan tashqari bepul taqdim etiladi.
Shuningdek, pulli xizmatlardan tushgan mablag‘larning 75 foizgacha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.