Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, davlat organlarida kadrlar zaxirasini shakllantirish va monitoring qilish bo‘yicha yangilangan tartib amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Yangi tizimga ko‘ra, endilikda tegishli davlat organlari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladigan lavozimlar bo‘yicha nomzodlar ro‘yxatini mustaqil shakllantiradi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning shaxsiy rivojlanish rejasi “zaxira.bsa.uz” elektron platformasi orqali muntazam kuzatib boriladi.
Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahalla tizimi vakillari orasidan tanlab olinadi. Jumladan, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman yoki shahar hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi esa davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va siyosiy lavozim guruhlari uchun zaxirani to‘liq mustaqil shakllantiradi.
Shuningdek, tegishli organlarda samarali ishlayotgan, biroq rahbarlari tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni ham mustaqil ravishda aniqlab, ularni baholash orqali Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish mexanizmi joriy etilmoqda.
Mazkur yangi tartib davlat boshqaruvida kadrlar sifatini oshirish, adolatli tanlov tizimini shakllantirish va professional kadrlar zaxirasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.