Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “bananlarga OITS (OIV) yuqtirilgan qon yuborilmoqda” mazmunidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mutaxassislar buni navbatdagi feyk ekanini ma’lum qildi.
Shifokorlarning tushuntirishicha, ba’zan banan ichidan qizil suyuqlik yoki massa chiqishi mumkin. Ammo bu qon emas — tropik mamlakatlarda uchraydigan zamburug‘ yoki bakterial kasallik sabab mevaning ichki tuzilishi buziladi. Bunday bananni iste’mol qilish mumkin emas.
“Bananning ichiga qon yuborishadi degan gapning o‘zi mantiqsiz. Shuncha qonni qayerdan oladi, nega aynan bananga yuboradi? Qolaversa, OIV virusi ovqat hazm qilish yo‘li orqali yuqmaydi”, — deydi mutaxassis.
Shifokorlar OIVning faqat uch yo‘l bilan yuqishini yana bir bor eslatdi:
— himoyalanmagan jinsiy aloqa;
— to‘g‘ridan to‘g‘ri qon bilan aloqa;
— onadan bolaga o‘tishi.
Izohda qayd etilishicha, hatto kimdir bananga qon yuborgan taqdirda ham, mevaning po‘chog‘i teshilgani sabab u tez chiriydi, virus esa tashqi muhitda uzoq yashay olmaydi.
Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, bunday asossiz xabarlar faqat O‘zbekistonda emas, banan yetishtirmaydigan ko‘plab davlatlarda vaqti-vaqti bilan tarqalib turadi.