DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining davlat chegarasi orqali noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yo‘nalishida IIV Jinoyat qidiruv departamenti va bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Avvaldan kuzatuvga olingan, 1994 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan shaxsning Toshkent shahrida ijarada yashayotgan xonadonida chet eldan noqonuniy olib kirilgan psixotrop moddalarni saqlab kelayotgani haqida ma’lumot olingan.

Ko‘rib chiqish jarayonida uning xonadonidan taxminiy qiymati 1,5 milliard so‘mlik 15 330 dona “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddalari aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Shuningdek, yotoqxona qismida saqlanayotgan umumiy qiymati 100 million so‘mlik, sifati tasdiqlanmagan 3 turdagi jami 2 872 dona dori vositalari, qutilar va yo‘riqnomalar ham topildi.

Dastlabki so‘rovda ushbu shaxs dorilarni Hindistondan noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgani va ularni poytaxtda mijozlarga sotishni reja qilganini bildirgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 10/12/2025