Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda 2027-yilda mamlakatda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish choralarini ko‘rish vazifasi belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2025-yilda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan. Mutaxassislar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish orqali ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish mumkinligini ta’kidlamoqda. Hozirda intensiv usulda baliq yetishtirish umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan kam qismini tashkil etadi.
Taqdimotda 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi shaffof tizimini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklarini zarur miqdorda suv bilan kafolatli ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish ham rejalashtirilmoqda. Xususan, yopiq suv aylanma tizimlarini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash, naslli ona baliqlar importi va quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiya ajratish, shuningdek, imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish taklif etildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda aholini sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.