Firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Moldovadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Interpolning O‘zbekiston va Moldova Milliy markaziy byurolari hamkorligida o‘tkazilgan muvofiqlashtirilgan tezkor tadbirlar natijasida qidiruvdagi shaxs Moldova poytaxti Kishinyov shahrida qo‘lga olingan.
Zarur ekstraditsiya jarayonlari yakunlangach, u jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan.
IIV ma’lumotida qidiruvdagi shaxsning shaxsi, yoshi hamda u qachondan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilmagan.
Holat yuzasidan tergov va boshqa protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.