O‘zbekiston Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berishni boshladi. Bu haqda Asia Plus axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tojikiston sutkasiga 2 million kVt·soat elektr energiyasi olmoqda. O‘zbekistonning imkoniyatlari kengayishi bilan yetkazib berilayotgan hajmni oshirish rejalashtirilgan.
Energetika vazirligi Spot nashriga bergan izohida mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasida suv-energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona va barqaror foydalanish doirasida amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Tojikiston Energetika vazirligi mamlakat Qozog‘iston va Turkmanistondan ham elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha vazirlar darajasida dastlabki kelishuvlarga erishganini bildirgan. Hozirda ushbu mamlakatlardan elektr energiyasi yetkazib berish bilan bog‘liq texnik masalalarni hal etish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Tojikiston tashqi bozorlarga faqat mamlakatning janubi-g‘arbiy qismidan O‘zbekiston energetika tizimi bilan bog‘langan 500 kV kuchlanishli “Regar—Guzar” elektr uzatish liniyasi orqali chiqish imkoniyatiga ega. Shu sababli Qozog‘istondan elektr energiyasini tranzit qilish uchun O‘zbekistonning o‘tkazish quvvatini inobatga olgan holda masalalarni kelishib olish talab etiladi.
Mazkur masalalarni avtomatik tarzda hal etish imkonini beruvchi Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi (BET) doirasida Tojikiston energetika tizimining parallel ishlashi respublika shimolidagi elektr liniyalari mintaqaviy “energiya halqasi”ga ulanganidan so‘ng yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu jarayon 2026-yilning birinchi choragida amalga oshishi kutilmoqda.