O‘zbekistonda dori vositalarining qog‘oz shakldagi retseptini rasmiylashtirishga 2026-yil 1-martgacha ruxsat beriladi. Bu Sog‘liqni saqlash vazirining 16-dekabr kuni kuchga kirgan “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘ida belgilangan.

Mazkur hujjat Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman va shahardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini belgilaydi.

Hujjatda retsept va elektron retsept tushunchalariga aniqlik kiritilgan. Unga ko‘ra, retsept shifokorning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassisga dori vositasini tayyorlash va yoki berish hamda uni qo‘llash usuli bo‘yicha yozma ko‘rsatmasi hisoblanadi. Elektron retsept esa dori vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan ko‘rsatma sifatida belgilangan.

Ekspertlar kengashi tomonidan dori vositalarining tibbiy ahamiyati, ijtimoiy xavfi, suiiste’mol qilish ehtimoli hamda amaliyotdagi ehtiyojidan kelib chiqqan holda elektron retsept orqali beriladigan dori vositalari guruhlari bosqichma-bosqich shakllantiriladi.

Elektron retsept asosida dori tayinlashning birinchi bosqichida antibiotiklar va tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari, shuningdek, tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari elektron retsept orqali belgilanadi.

Agar birinchi bosqich doirasida elektron retsept orqali berilishi belgilangan dori vositalari buyurilsa, ular faqat elektron retsept asosida rasmiylashtirilishi shart. Elektron va qog‘oz retsept asosida beriladigan dori vositalari bir vaqtda tayinlangan taqdirda, ularning barchasini elektron retsept orqali rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.

Shuningdek, bemorni davolash jarayonida tibbiyot tashkilotida mavjud bo‘lmagan, ammo bemorga zarur bo‘lgan dori vositalari uchun shifokor tomonidan retsept rasmiylashtirilishiga ruxsat etiladi.

Elektron retsept tizimini joriy etishning keyingi bosqichlarida kengash tomonidan belgilangan dori vositalari guruhlari bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi. Ushbu jarayonlar, bosqichlar va ularning amalga oshirish muddatlari Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/12/2025