2025-yil 16-mart kuni Toshkent shahridagi “The Tower” mehmonxonasi yonida ayolni himoya qilishga uringan erkak Akmal Shukurovdan musht yeb, ogʻir tan jarohati olgandi. Natijada 35 yoshli fuqaro bosh miya jarohati, oʻng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yaqinlari unda tezkor ravishda 5 soatlik miya trepanatsiyasi operatsiyasi oʻtkazilganini, soʻngra sunʼiy komaga tushirilganini aytgan. Voqea joyidan qochib, yashiringan Akmal Shukurov koʻp oʻtmay Qozogʻistonda qoʻlga olingandi.
2025-yil 24-oktyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi Akmal Shukurovning bu va boshqa harakatlarini oʻrganib, unga juda koʻp miqdordagi firibgarligi, bezoriligi va bezorilik oqibatida qasddan badanga ogʻir shikast yetkazganligi uchun uzil-kesil 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgandi.
2025-yilning 9-dekabr kuni Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi Akmal Shukurovga tayinlangan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash jazosiga oʻzgartirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etgandi.
Oliy sudning bildirishicha, Apellyatsiya instansiyasi Shukurovga nisbatan jazo tayinlashda aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchilarning moddiy va maʼnaviy daʼvosi yoʻqligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo soʻraganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. Sudlanuvchining qamoqda boʻlgan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, oʻtash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.
2025-yilning 15-dekabr kuni Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari apellatsiya instansiyasining mazkur ajrimiga protest kiritib, Akmal Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘radi. Qolaversa, Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining hukmini oʻzgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni oʻzgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “e” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
“Daryo” muxbirining xabar berishicha, 2025-yil 18-dekabr kuni soat 16:30 da mazkur ishni Toshkent shahar sudining Taftish instansiyasi koʻrib chiqqan.
Sudda soʻz olgan jabrlanuvchilar, xususan Boris Avakyan va uning xotini, shuningdek, Xurshid A. raislik etuvchi sudya Muso Murodovning Toshkent shahar prokuraturasi protestiga qoʻshilishi yoki qoʻshilmasligi haqidagi savoliga javob berar ekan, sudlanuvchiga jazo tayinlash masalasini sudga havola qilishini maʼlum qilishdi.
Sud hayʼati maslahatga kirganda sudlanuvchi Akmal Shukurovning otasi jabrlanuvchi Boris Avakyan va uning xotiniga sudlanuvchiga nisbatan yengillik soʻramagani, har oy ularga 13 million soʻmdan bekorga toʻlab kelishmayotganini aytib, norozilik bildirdi. Sudlanuvchi Akmal Shukurov esa Avakyanlar oilasiga avtomobil berganini, shunga qaramasdan unga yengillik berilmayotganidan norozi ekanini aytdi.
Maslahatdan chiqqan Taftish instansiyasi Apellyatsiya instansiyasi ajrimini oʻzgartirib, Akmal Shukurovni 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Uning qamoqda saqlangan kunlarini tayinlangan jazodan chegirib tashlab, unga oʻtash uchun 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.