Andijonda katta miqdordagi oltinni bojxonadan avtomobil ehtiyot qismlariga yashirib oʻtkazmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Doʻstlik” chegara bojxona posti yaqinida Fargʻona viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan T.T. toʻxtatilib, unga tegishli xoʻjalik qopi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Qop ichidagi 3 dona temir qoplamali avtomobil ehtiyot qismlari maxsus vositalar yordamida boʻlaklarga ajratilganda, ularning ichiga jami 7 kilo 784 gramm oltin boʻlaklari yashirilgani maʼlum boʻldi.
Baholash xulosasiga koʻra, oltin quymalarning umumiy qiymati 12 milliard 465 million 795 ming soʻmni tashkil etdi.
Ushbu shaxs Toshkent shahridan yuborilgan oltinlarni Qirgʻiz Respublikasida qabul qilib oladigan shaxsga yuk avtotransport vositalari haydovchilari orqali bojxona nazoratidan yashirgan holda yetkazishi kerak boʻlgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan ish ochilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllandi.