O‘zbekistonda noqonuniy yo‘llar bilan minglab fuqaroni umra safariga yuborgan tashkilot aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan ayol “Jalolquduq Aviatrans” mas’uliyati cheklangan jamiyatida norasmiy turagent sifatida faoliyat yuritib, jami 19 547 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy umra tadbirlarini tashkil etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, MCHJ tomonidan 2024–2025-yillar davomida fuqarolardan jami 22 million 846 ming 590 AQSh dollari miqdorida naqd pul mablag‘lari olingan. Ushbu faoliyat oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 1 milliard 819 million so‘mdan oshgan. Shuningdek, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik holati bo‘yicha 15 milliard 363 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisoblangan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashkilot orqali Saudiya Arabistoniga yuborilib, og‘ir ahvolda va zarur sharoitlarsiz qolib ketgan 534 nafar fuqaro maxsus reyslar yordamida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Mazkur holat yuzasidan 14 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirga qadar 13 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.