Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida fuqaro 1 tup tolni kesib tashlagani uchun 15 mln so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar Farg‘ona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan muntazam ravishda o‘rganib borilmoqda. Shu kabi navbatdagi murojaat asosida Buvayda tumani bo‘limi xodimlari tomonidan joyiga chiqib tekshiruv o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida Buvayda tumani “O‘rta Qo‘ng‘irot” MFY hududida yashovchi fuqaro A.X. tomonidan 1 tup tol daraxti noqonuniy ravishda kesib tashlangani aniqlandi. Ushbu holat amaldagi ekologik qonunchilik talablariga zid ekani sababli huquqbuzarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Aniqlangan huquqbuzarlik uchun fuqaro A.X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Natijada bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari miqdorida, ya’ni jami 10 mln 300 ming so‘m jarima belgilandi. Shuningdek, o‘simliklar dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 4 mln 738 ming so‘m miqdorda moddiy zarar hisoblab chiqildi.