O‘zbekistonda 2025-yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilgan bir martalik moddiy yordam miqdori ma’lum qilindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq 150 kVtgacha, tabiiy gaz bo‘yicha esa isitish mavsumida 250 kub metrgacha (isitish mavsumidan tashqari davrda 150 kub metr) ortiq iste’mol qilingan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilinmoqda.
Qayd etilishicha, 2025-yil 1-maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan hajmlar uchun 562,9 ming nafar ehtiyojmand oilaga jami 41,6 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilgan. Shundan 30,0 milliard so‘m elektr energiyasi, 11,6 milliard so‘m esa tabiiy gaz iste’moli uchun to‘lab berilgan.
Shuningdek, 2025-yil noyabr oyida 1 million 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga jami 1,2 trillion so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam moliyalashtirilgani ma’lum qilindi.
Avvalroq, qaysi oilalar “kambag‘al oila” toifasiga kiritilishi haqida ma’lumot berilgandi. Qayd etilishicha, respublikada 2026-yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritilishi rejalashtirilgan.