O‘zbekistonda chiqindi xizmatlari uchun aholining debitor qarzdorligi 622 milliard so‘mdan oshdi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi 2026-yil 7-yanvar kuni ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, aholiga ko‘rsatilgan chiqindi xizmatlari uchun jami 1 trillion 454 milliard so‘m to‘lov hisoblangan. Shundan 1 trillion 304 milliard so‘mi yoki 90 foizi undirilgan.
Ayni paytda aholining ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorligi 622,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 milliard so‘mlik noreal debitor qarzdorliklar elektron billing tizimidan chiqarilgan.
Mamlakat bo‘yicha mavjud 9 452 ta mahallaning 8 105 tasi, ya’ni 87 foizi chiqindi xizmatlari bilan qamrab olingan. Aholi kesimida bu ko‘rsatkich 37,5 million kishidan 23,9 million nafari yoki 64 foizni tashkil etadi.
Billing tizimidagi 7,3 million abonentning jismoniy shaxslar bo‘yicha 91,6 foizi shaxsiy identifikatsiya raqami, 98,1 foizi esa kadastr raqami asosida tizimga kiritilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Zaharli va toksik chiqindilarni boshqarish doirasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yakkatut” mahallasida joylashgan zaharli-kimyoviy poligonda 40 ming tonnadan ortiq margimush moddalari ko‘milgani aniqlanib, dastlabki texnik va ekologik tahlillar o‘tkazilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Chorkesar” hamda Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sobiq uran konlarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 9 million yevro miqdoridagi granti hisobidan rekultivatsiya ishlari amalga oshirilgan va hududlar xavfsiz holatga keltirilgan.