Namanganda sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan noqonuniy dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari tomonidan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash uchun tashkil etilgan sex ko‘zdan kechirilgan.
Natijada umumiy qiymati 30 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan mahsulot va jihozlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Jumladan,
-
9 turdagi 138 031 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar (1,2 mlrd so‘m),
-
1,8 mlrd so‘mlik prekursorlar,
-
3,4 mlrd so‘mlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar,
-
18 mlrd so‘mlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari,
-
5,6 mlrd so‘mlik 23 dona idishlar aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona faqat biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun ruxsat olgan bo‘lsa-da, aslida qalbaki dori vositalarini tayyorlab kelgan. Ular asl dorilar nomi o‘zgartirilgan holda ishlab chiqarilgan — masalan, “Pikovit” o‘rniga Pivovit, “Kanefron” o‘rniga Kanaseron, “Espumizan” o‘rniga Espumetik, “Nistatin” o‘rniga Nestitam.
Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, qo‘lbola usulda tayyorlangan ushbu dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.
Hozirda qalbaki mahsulotlar bo‘yicha ekspertiza tayinlangan, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.