O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ajratiladi.

Bunda kvartira ariza beruvchining asosiy ish joyi joylashgan hududda qurilgan bo‘lishi kerak.

Kimlar subsidiya olishi mumkin?

Ariza beruvchilarning belgilangan mezonlarga mosligi axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi. Jumladan:

  • ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining birgalikdagi daromadi belgilangan mezonlarga mos bo‘lishi;
  • ularning nomida O‘zbekiston hududida so‘nggi 2 yil davomida turar joy bo‘lmasligi;
  • madaniyat, san’at yoki adabiyot sohasida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;
  • tegishli sohada faoliyat yuritish uchun so‘nggi 3 yil davomida litsenziyaga ega bo‘lishi.

Subsidiya bir oilaga faqat bir marta ajratiladi.

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali topshiriladi. Subsidiya ajratilishi to‘g‘risida xabarnoma olgan talabgor birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun qurilish tashkiloti yoki developer bilan shartnoma tuzadi.

Agar boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun ajratilgan subsidiyadan 30 kun ichida foydalanilmasa, bank ushbu mablag‘ni respublika budjetiga qaytaradi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/11/2026