Milliy statistika qo‘mitasi narxlar bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni taqdim etuvchi narx.stat.uz platformasini ishga tushirdi. Bu haqda 13-noyabr kuni qo‘mita matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Platformada O‘zbekistondagi iste’mol narxlari indeksi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘ining hududlar hamda tumanlar kesimidagi haftalik o‘rtacha narxlari, uy-joy bozori narxlari indeksi va sanoat ishlab chiqaruvchilari narxlari indeksi e’lon qilinadi.
Foydalanuvchilar platforma orqali inflyatsiya va iste’mol xarajatlarini hisoblash kalkulyatorlaridan foydalanishi, ma’lumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olishi mumkin. Shuningdek, ma’lumotlarni API orqali ro‘yxatdan o‘tmasdan olish imkoniyati mavjud.
Avvalroq, 2026-yil aprelida Markaziy bank ham Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida narxtahlil.uz platformasini ishga tushirgandi.
Unda 30 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining respublika, hudud, tuman va shaharlar kesimidagi haftalik o‘rtacha narxlari, ularning o‘tgan haftaga nisbatan o‘zgarishi hamda inflyatsiya ko‘rsatkichlarini kuzatish mumkin.