Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirishni taklif qildi. Prezident bu tashabbusni 11-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan COP31 doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida ilgari surdi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi va qurg‘oqchilik kabi xavflar kuchayib borayotganini ta’kidladi.
“Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi”, dedi u.
Prezident mintaqaviy hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishda rivojlantirishni taklif qildi.
Birinchi yo‘nalishda Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavflari to‘g‘risida ma’lumot almashish infratuzilmasini yaratish taklif etildi. Dastlab tabiiy ofatlar vaqtida tezkor chora ko‘rishga xizmat qiluvchi erta ogohlantirish tizimi, keyinchalik esa sekin yuzaga keladigan tabiiy ofatlarni monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma mexanizmlar ishlab chiqiladi.
Ikkinchi yo‘nalish ekologik texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan. Markaziy Osiyo “Eco Expo” ko‘rgazmasini mintaqaga mos ekologik yechimlar, investitsiya va texnologiyalarni jalb qiluvchi doimiy maydonga aylantirish taklif qilindi.
Uchinchi yo‘nalish barqaror moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Buning uchun taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda imtiyozli grantlar hamda “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish taklif qilindi.
O‘zbekiston 2035-yilgacha chiqindilarni 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, mamlakat yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish bo‘yicha belgilangan maqsadni muddatidan oldin bajargan. Endi 2035-yilgacha chiqindilarni 50 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida suv sarfi deyarli ikki baravarga, suv havzalaridan olinayotgan suv miqdori esa 20 foizga kamaygan. Hozir sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.
Yerlarni qayta tiklash ishlari natijasida mamlakatdagi o‘rmonlar maydoni 6 mln gektarga kengaygan. Uning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi.
Prezident ekologik ta’lim masalasiga ham to‘xtalib, bolalarga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish va atrof-muhitni asrash ko‘nikmalari bog‘cha yoshidan o‘rgatilayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari iqlim integratsiyasi modelini Markaziy Osiyodan tashqari dunyoning boshqa manfaatdor mintaqalarida ham qo‘llashni taklif qildi.