2025-yilda Samarqand viloyatiga jami 8 million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqda Oʻzbekiston24 telekanalida xabar qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida viloyatga 3 milliondan ortiq xorijiy va 5,3 million nafar mahalliy sayyoh kelgan. Sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 2,5 kundan 3 kungacha oshgan, turizm xizmatlari eksporti esa 606 million dollarga yetgan.
Joylashtirish va xizmatlar infratuzilmasi
Hozirda Samarqand viloyatida jami 865 ta joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy sig‘imi 21 673 o‘rinni tashkil etadi. Jumladan, 182 ta mehmonxona (12 285 o‘rin), 169 ta hostel (5 013 o‘rin) va 514 ta oilaviy mehmon uyi (4 375 o‘rin) mavjud.
Shuningdek, hududda 473 ta turistik kompaniya, 725 nafar gid-tarjimon, 144 ta turistik avtobus va 150 ta mikroavtobus sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Samarqand shahri Cho‘ponota massivida sayyohlar uchun yangi avtovokzal ishga tushirilgan. Qariyb 7 gektar hududda barpo etilgan mazkur obyekt qiymati 150 milliard so‘mni tashkil etadi. Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 50 ta avtobus, 80 ta mikroavtobus va 400 ta yo‘nalishli taksiga xizmat ko‘rsata oladi.
Yangi marshrutlar va turizm ko‘chalari
Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini bog‘lovchi ziyorat, tibbiyot, gastronomik, arxeologik, eko, etno va ekstremal turizm yo‘nalishlari bo‘yicha yangi marshrutlar ishlab chiqilgan.
Joriy yilda viloyatga 5 million xorijiy va 6 million mahalliy sayyohni jalb qilish rejalashtirilgan. Shu maqsadda nomavsumiy oylar davomida kelgusi mavsumga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan, gastronomiya va savdo (shopping) turizmini rivojlantirish uchun 8 ta ko‘cha tanlab olingan. 1-aprelga qadar Bozor va Ibn Xaldun ko‘chalari “turizm ko‘chasi” sifatida yangi qiyofada ochilishi, yil yakunigacha qolgan 6 ta ko‘chaning ham foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Turizm qishloqlari
O‘tgan yilda Samarqand viloyatidagi 3 ta qishloqqa “turizm qishlog‘i” maqomi berilgan. 2026-yilda yana 8 ta mahalla va qishloqqa “turizm mahallasi” hamda “turizm qishlog‘i” unvonlarini berish ko‘zda tutilgan.
Xususan, Pangat qishlog‘ini ekstremal turizm hududiga aylantirish, off-road avtomobillar yordamida tog‘li marshrutlarni yo‘lga qo‘yish va uni Sentob qishlog‘i bilan bog‘lash rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 3,7 million nafarga ko‘p. Eng ko‘p sayyohlar Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan kelgan.