Ukrainada sobiq energetika vaziri German Galushchenko mamlakatni tark etishga uringan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda rasmiy manbalarga tayanib, BBC xabar berdi.
Galushchenko 2025-yili korrupsiya mojarosida ayblangan amaldorlar orasida bo‘lgani uchun hukumatdagi lavozimidan chetlatilgandi. U poyezddan tushirilib qo‘lga olingan va so‘roq uchun Kiyevga olib ketilgani aytilmoqda.
Galushchenko noyabr oyida fosh etilgan 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirish sxemasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan bir nechta amaldorlardan biri hisoblanadi.
Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi sobiq vazir “Midas ishi” doirasida “davlat chegarasini kesib o‘tayotganda” hibsga olinganini ma’lum qildi. Bayonotda Galushchenkoning ismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan, biroq bir nechta yirik mahalliy OAVlar gap aynan u haqida ketayotganini yozdi.
Galushchenko “Energoatom” pudratchilaridan shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida tizimli ravishda pul olganlikda gumon qilinayotgan amaldorlardan biri sifatida tilga olingan. U avvalroq o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan o‘zini himoya qilishini bildirgan.
Galushchenko 2025-yilda korrupsiya mojarosida tilga olingan amaldorlar qatorida bo‘lgani sababli hukumatdagi lavozimidan chetlatilgan. U uch yil davomida energetika vaziri bo‘lib ishlagan, keyin esa qisqa muddat adliya vaziri lavozimini egallagan. Noyabr oyida prezident Vladimir Zelenskiy uning iste’fosini so‘ragan. Uning o‘rnini egallagan Svitlana Xrinchuk ham mojaro sabab lavozimidan ketgan.
Mazkur mojaro Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan oldin korrupsiyani yo‘q qilish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan prezident Vladimir Zelenskiy ma’muriyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermakning uyi tintuv qilinganidan so‘ng u ham iste’foga chiqqan.
Shuningdek, korrupsiya mojarosi 2022-yilda urush boshlanganidan buyon harbiy holat sabab o‘tkazilmayotgan saylovlarni tashkil etish masalasida AQSH bosimini kuchaytirdi.