Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni tanishgan taqdimotda fermer va tadbirkorlarga kompleks xizmat ko‘rsatish maqsadida har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur zonalarda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi va fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish hamda agronom maslahati xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, o‘quv kurslari va zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha ma’lumotlar ham taqdim etiladi.
Taqdimotda sohaga zamonaviy bank xizmatlari, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 2025-yilda “Agrobank” tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun 1,6 trillion so‘m kredit ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,9 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqartirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, chorvachilik va mevachilikda, suvni “aqlli” boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligi startaplarini moliyalashtirish uchun ustav kapitali 100 milliard so‘mlik yangi venchur kompaniya tashkil etish rejalari taqdim etildi.
Davlat rahbari qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.