Yoshlar ishlari agentligi huzurida Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda 24-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo aholisining 10 foizdan ortig‘i volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratilgani, Volontyorlar maktabi hamda oliygohlarda maxsus markazlar tashkil etilgani natijasida ko‘ngilli yoshlar soni 5 baravarga oshgan. Ayni paytda ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim va favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan volontyorlar soni 100 ming nafardan oshgan.
Tashabbuskor yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari hamda faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tuzish taklif etildi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tashkil etiladigan “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasiga har yili davlat byudjetidan 20 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, viloyat hokimlari tomonidan mahalliy byudjet hisobidan yana 3 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi. Shuningdek, ko‘ngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim va jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi faol ishtirokiga qarab ball berib borilishi rejalashtirilgan.