Janubiy Koreyada noqonuniy yashayotgan va ishlayotgan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarimaga tortildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Koreya Adliya vazirligi, Politsiya, Bandlik, Transport va Dengiz politsiyasi vazirliklari hamkorligida 12-dekabrgacha davom etadigan qo‘shma reydlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar noqonuniy yashovchilar, vositachilar hamda mahalliy aholining ish o‘rinlarini egallayotgan xorijliklarni aniqlashga qaratilgan.

APEC–2025 sammiti arafasida Gyonju shahri va atrof hududlarda nazorat kuchaytirilgan. Qonunbuzarlik aniqlansa, jarima, deportatsiya va Koreyaga kirish taqiqi qo‘llanadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, E-9 vizasi asosida ishlash davrida qonunchilikni buzgan fuqarolarga noqonuniy yurgan har bir oy uchun 2000 dollar miqdorida jarima belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, E-9 vizasi — malakasiz ishlarga mo‘ljallangan mehnat vizasi bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi, qurilish, ishlab chiqarish, baliqchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida 3 yilgacha ishlash imkonini beradi. Shartnoma uzaytirilsa, muddat yana 1 yil 10 oygacha cho‘zilishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy, Yangiliklar,

Last Update: 27/10/2025