O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlariga start berdi. Bu haqda 23-avgust kuni Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bog‘ uchun Yangi Toshkent hududidan 4 gektar yer ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiruvchi zamonaviy jamoat makoni tashkil etiladi.

Bog‘ ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi, do‘stligi va o‘zaro hurmatini namoyon etadigan maskanga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur tashabbus ikki tomonlama xususiyatga ega. Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrining “Oq shahar” hududida “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yilgan edi.

Bokudagi bog‘ 4,5 gektar maydonda barpo etiladi. Unda O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi aks ettiriladi. Shuningdek, mamlakatning tarixiy obidalari me’moriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Toshkentdagi “Ozarbayjon” va Bokudagi “O‘zbekiston” bog‘lari ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi, o‘zaro hurmati va ma’naviy yaqinligining ramzi bo‘lishi qayd etildi.

Davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyiha qurilishiga rasman start berdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 24/08/2026