Farg‘ona shahrida “Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi 2-mavsumi doirasida loyihalarga ovoz berish jarayoni qayta tiklandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 25-avgust kuni ma’lum qildi.
Farg‘ona shahrida ishchi komissiyalari tomonidan ayrim loyihalar belgilangan mezonlarga zid ravishda rad etilgani sababli ovoz berish jarayoni vaqtincha cheklangan edi.
Vakolatli organ tomonidan loyihalarni amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rov yuborilgan. Biroq Farg‘ona shahri ishchi komissiyasi tomonidan loyihalarni qayta ko‘rib chiqish ta’minlanmagani sababli hududdagi ovoz berish bosqichi to‘xtatilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi talabidan so‘ng Farg‘ona shahridagi ishchi komissiya loyihalarni belgilangan mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqdi.
Shundan so‘ng hududda saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish to‘liq tiklandi.
Ovoz berish 31-avgustgacha davom etadi
“Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi 2-mavsumi doirasida loyihalarga ovoz berish 21-avgust soat 23:59 da boshlangan.
Ovoz berish jarayoni 31-avgust soat 23:59 gacha davom etadi.
Vazirlik avvalroq ovoz berganlik uchun pul mukofoti va’da qiluvchi norasmiy Telegram botlari ko‘paygani haqida ham ogohlantirgan. Fuqarolarga bunday takliflarga ishonmaslik va firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik tavsiya etilgan.
Vazirlik fuqarolarni pul mukofoti uchun emas, hududida zarur deb hisoblagan o‘zgarishlar uchun ovoz berishga chaqirgan.