Ummon Sultonligining poytaxti Maskat shahrida suriyaliklar xonadonida hujjatlarsiz qolib ketgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bola vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yilda bolaning onasi tug‘ruqxonaga nikoh tuzilganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagani sababli chaqaloqqa tug‘ilganlik haqidagi hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Shuningdek, ayolga nisbatan Ummonda jinoiy ish ochilgani bois u tug‘ruqxonani yashirincha tark etgan.

Shundan so‘ng, ona bolasini vaqtincha qarab turish iltimosi bilan Maskat shahrida istiqomat qiluvchi suriyalik oilaga qoldirib, O‘zbekistonga qochib ketgan. Ushbu oila bola parvarishini ikki yil davomida o‘z zimmasiga olgan.

Keyinchalik Suriyada vaziyat barqarorlashgani sababli suriyalik oila o‘z vataniga qaytishga qaror qilgan va bolani O‘zbekiston Respublikasining Ummondagi elchixonasiga topshirgan.

Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda Ummondan O‘zbekistonga qochib kelgan bolaning onasi boshqa jinoyatlari uchun 2024-yilda hibsga olingan bo‘lib, hozirda jazo muddatini o‘tamoqda.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi ko‘magida bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilib, 18-dekabr kuni elchixona xodimi hamrohligida Maskat—Dubay—Toshkent yo‘nalishi orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/12/2025