O‘zbekiston prezidentining Farmoniga muvofiq, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:

  • zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan paytdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;

  • zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy ravishda videoyozuv orqali qayd etiladi;

  • ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan holatlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-martdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) uchun “Mehrli oila” xizmati tashkil etiladi.

Mazkur xizmatga ota-onalar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi. “Mehrli oila” xizmatiga jalb etilgan ota-onalarga farzandlari bilan buzilgan oilaviy munosabatlarni tiklash va ularning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish maqsadida “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul taqdim etiladi.

Ushbu chora-tadbirlar jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/12/2025