Turkiya va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan uch nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinib, vatanga deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxslar orasida 1982-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan M.A., 1992-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Sh.B. hamda 1970-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan G.M. bor. Ular Toshkent shahriga olib kelingan.
Bosh konsulxona mazkur shaxslarning noqonuniy faoliyatidan zarar ko‘rgan fuqarolarga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga yoki diplomatik vakolatxonaga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda firibgarlik bilan bog‘liq murojaatlar soni ortmoqda. Shu bois konsulxona vatandoshlarni hushyorlikka, shubhali takliflarga ishonmaslikka hamda faqat qonuniy manbalardan foydalanishga chaqirdi.