Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishini 2026-yildan boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026—2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida keltirilgan.
Unda aytilishicha, mamlakat hududlari hamda qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqligini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ustuvorlik qaratiladi.
2026-yilda avtomobil yo‘llari sohasida Toshkent—Samarqand va Toshkent—Andijon yo‘nalishlarida pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini amalga oshirish, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan xalqaro avtomagistral yo‘llarni taʼmirlash va barpo etish choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, ilg‘or tajribani inobatga olgan holda mavjud yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi.
Temiryo‘l transporti sohasida O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy va O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston xalqaro temiryo‘llarini barpo etishda faol ishtirok etish, Toshkent—Samarqand yo‘nalishida tezyurar poyezdlar uchun qo‘shimcha yangi temiryo‘l qurish loyihasini boshlash hamda Nukus—Miskin—Urganch—Buxoro yangi tezyurar temiryo‘l liniyasini ishga tushirish hamda yangi tezyurar poyezdlarning doimiy qatnovlarini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘riladi.