Toshkent shahrida 2-sentyabr kuni katta daraxt ikkita avtomobil ustiga qulab tushdi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa soat 05:32 da Mirzo Ulug‘bek tumani “Shahrisabz” MFY, Maxtumquli ko‘chasi 1-uy qarshisida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, daraxt sinib, shu vaqtda harakatlanib borayotgan avtomobillar ustiga qulagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda daraxtning “Tracker” va “Leapmotor C11” avtomobillari ustiga tushgani, buning oqibatida yo‘lning qatnov qismi yopilib qolgani aks etgan.

Hodisa joyiga qutqaruv ekipajlari va hamkorlikdagi xizmatlar jalb etilgan. Tezkor choralar natijasida yo‘ldagi to‘siqlar bartaraf etilib, avtomobillar harakati qayta tiklangan.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda hudud xavfsizligini ta’minlash hamda shu kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 02/09/2026