O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatda umumiy quvvati 2 423 MVt, qiymati 1,7 mlrd dollar bo‘lgan elektr energetikasi obyektlari ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 1 573 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Stansiya yiliga 13 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Uning foydali ish koeffitsiyenti 61,7 foizni tashkil etadi. Bu yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Qiymati 900 mln dollar bo‘lgan loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan. Stansiya Fransiyaning EDF, Qatarning Nebras Power, Yaponiyaning Sojitz Corporation va Kyuden International kompaniyalari konsorsiumi hamkorligida barpo etildi.

Navoiy viloyatining Nurota tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Qiymati 390 mln dollarlik loyiha Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Natijada yiliga 657 mln kVt soat elektr energiyasi, ya’ni qariyb 273 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi.

Shuningdek, yiliga 175 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va 377 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldini olish kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

263 mln dollarlik loyiha Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Stansiya yiliga 701 mln kVt soat, ya’ni 292 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Loyiha yiliga 187 mln kub metr tabiiy gazni tejash va 403 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.

Namangan viloyatining Uychi tumanida esa 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. 110 mln dollarlik loyiha Xitoyning China Energy Overseas Investment Co., Ltd kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan.

Tizim elektr energiyasini bir kunda ikki mahal, ikki soatdan 100 MVt, jami 200 MVt soat quvvatda zaxiralash imkonini beradi. Zaxiralangan energiyadan elektr tarmog‘idagi yuklama yuqori bo‘lgan paytlarda tizim barqarorligini ta’minlash uchun foydalaniladi.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida 30 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, ishga tushirilgan obyektlarning har biri o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muhim loyihalardan hisoblanadi.

“Markaziy Osiyoda eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri ishga tushirildi. Markaziy Osiyoda eng yirik energiya saqlash tizimlaridan ikkitasi ishga tushirildi. Shu jumladan, Navoiy viloyati Nurota tumanida kombinatsiyalashtirilgan, ya’ni quyosh energiyasini ishlab chiqarib, shu yerning o‘zida batareyalar orqali saqlaydigan loyiha ham ishga tushirildi”, dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur loyihalarning ishga tushirilishi O‘zbekistonning energetik mustaqilligini mustahkamlash va yangi investitsiyalarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 28/08/2026