Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan “N.H.P” MCHJga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,23 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Korxona faoliyati fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida Ekopolitsiya xodimlari tomonidan o‘rganilgan.
Tekshiruvda qurilish maydonidan chiqish joyida transport vositalari g‘ildiraklarini yuvish postlari mavjud emasligi aniqlangan. Shu sababli yuk mashinalari loy va tuproqni ko‘chaning 2–2,5 kilometr qismiga olib chiqqan.
Shuningdek, qurilish hududida chang ko‘tarilishining oldini olish uchun suv purkash qurilmalari o‘rnatilmagani va atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani ma’lum bo‘lgan.
Korxona davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni ham bajarmagan. Xususan, qurilayotgan yerosti avtoturargohi ekspertizadan o‘tgan loyihada ko‘zda tutilmagan.
Bundan tashqari, kotlovanlardan qazib olingan 87 ming kub metrdan ortiq tuproq qayerga joylashtirilgani bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilmagan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 202-son qaroriga asosan korxonaga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,23 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblangan.
Shuningdek, kompaniyaga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, chang ko‘tarilishining oldini olish va uni to‘xtatish, daraxt ko‘chatlari ekish hamda boshqa tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.