Qirg‘izistonning O‘zbekistondan o‘tgan Qorayantoq qishlog‘ida 295 ta xonadon uchun davlat hujjatlari aholiga topshirildi. Qishloq davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish natijasida Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgandi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qorayantoqda 1,2 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Uy-joy hujjatlarini prezidentning Botken viloyatidagi vakolatli vakilining birinchi o‘rinbosari Baqtibek To‘qsonboyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer resurslari, kadastr, geodeziya va kartografiya davlat agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Yaxshiliq To‘xtosunov hamda tuman hokimi Bolot Bayakeyev aholiga topshirgan.

Avvalroq qishloq aholisiga Qirg‘iziston fuqarolik pasportlari ham berilgandi. Hozir mahalliy hokimiyat qishloq infratuzilmasini rivojlantirish ustida ishlamoqda.

Xususan, uzunligi 14 kilometr bo‘lgan ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi boshlangan. Loyihaning qiymati 38 million somni tashkil etadi. Shuningdek, 1,76 gektar maydonda maktab va 0,60 gektar hududda bolalar bog‘chasi qurilmoqda.

Qorayantoq 2024-yilda Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgandi

Qorayantoq 2024-yilgacha O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan. Keyinchalik qishloq Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Qadamjoy shahri yurisdiksiyasiga o‘tkazilgan.

Bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya kelishuvi doirasida amalga oshirilgan.

2026-yil iyun oyida Farg‘ona viloyatidagi Cho‘ng‘ara va Toshtepa ham Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgandi. Bu hududlarda 2,5 mingga yaqin, asosan etnik qirg‘izlar istiqomat qiladi. Buning evaziga Qirg‘iziston O‘zbekistonga chegara zonasida teng maydondagi yer uchastkalarini bergan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/11/2026