Toshkent metrosining yana 19 ta bekatida kassalar yopilishi rejalashtirilgan. Jarayon 1-fevraldan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirlar metropolitenda to‘lov tizimida shaffoflikni ta’minlash, kassalar oldida yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olish hamda yo‘lovchilarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilmoqda. Kassalarni bosqichma-bosqich yopish va muqobil to‘lov usullarini joriy etish ishlari avvalroq boshlangan.

Mazkur jarayon doirasida “Yangihayot”, “Sergeli”, “O‘zgarish”, “Choshtepa”, “Milliy bog‘”, “Mustaqillik maydoni”, “Amir Temur xiyoboni”, “Pushkin”, “Do‘stlik”, “Mashinasozlar”, “Toshkent”, “Oybek”, “Kosmonavtlar”, “O‘zbekiston”, “G‘afur G‘ulom”, “Chorsu”, “Turkiston”, “Shahriston” va “Bodomzor” metro bekatlaridagi kassalar faoliyati to‘xtatiladi. Ularning o‘rniga bir martalik QR-chipta beruvchi infokiosklar o‘rnatilishi belgilangan.

Shuningdek, Toshkent metropolitenida elektron to‘lov tizimlari bosqichma-bosqich kengaytirilib, hozirda yo‘lovchilar bank kartalari, transport kartalari, yuzni tanib olish (Face ID), kaft orqali to‘lov (PalmPay) hamda mobil ilovalar orqali to‘lovni o‘z ichiga olgan 10 dan ortiq zamonaviy to‘lov usullaridan foydalanishi mumkin.

Keyingi bosqichlarda yo‘lovchilarning fikr va takliflari inobatga olingan holda qolgan metro bekatlaridagi kassalarni ham bosqichma-bosqich yopish rejalashtirilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 30/01/2026